
O‘zbekistonda xorijiy investorlarga yer osti boyliklari bo‘yicha imkoniyatlarni ochiq taqdim etish maqsadida raqamli geologiya ma’lumotlar bazasi yaratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yalpi majlisida ma’lum qildi.
Shuningdek, auksionga qo‘yiladigan konlar soni to‘rt barobarga oshiriladi. Davlat rahbariga ko‘ra, O‘zbekiston oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob tabiiy resurslarga ega. Strategik xomashyo hisoblangan yer osti boyliklarining umumiy qiymati $3 trln deb baholanmoqda.
Ushbu salohiyatdan samarali foydalanish uchun «qazib olishdan tayyor mahsulotgacha» bo‘lgan loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi. Bu borada Toshkent va Samarqandda «Kelajak metallari» texnoparklari barpo etilmoqda. Ularga xorijiy sarmoyani keng jalb qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika va farmatsevtika kabi drayver tarmoqlarda $20 mlrdlik investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish taklif qilindi.
Prezident sanoatning barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga o‘tish va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bo‘yicha katta dasturlar boshlanganini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda $180 mlrddan oshishi kutilayotgani xabar qilingandi. Davlat rahbariga ko‘ra, bundan to‘rt yil avval ilk Toshkent xalqaro investitsiya forumida 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekiston YIMini $100 mlrdga yetkazish maqsadi qo‘yilgan edi. Hozir esa iqtisodiyot bu ko‘rsatkichdan ancha yuqori natijaga yaqinlashmoqda.