
Italiya o‘zbekistonlik shifokorlar uchun yuqori maoshli ish o‘rinlariga tanlov e’lon qildi. Migratsiya agentligi Italiyaning Sardiniya hududida ishlash istagidagi shifokorlar uchun yangi dastur boshlanganini ma’lum qildi.
Dastur doirasida yiliga 150 nafar shifokorni ishga jalb qilish rejalashtirilgan. Tanlovda pediatr, nevrolog, diabetolog, pulmonolog, gastroenterolog, shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari hamda boshqa tibbiyot yo‘nalishlari mutaxassislari ishtirok etishi mumkin.
Nomzodlar Perugia Universiteti hamkorligida tashkil qilingan italyan tili kursida yetti oy davomida onlayn ta’lim oladi. Kurs xarajatlari Migratsiya agentligi tomonidan qoplanadi, buning uchun oyiga 600 yevro ajratiladi.
Ish sharoitlari va maosh
Til kursini muvaffaqiyatli tamomlagan nomzodlar Sardiniyada ish boshlaydi. Boshlang‘ich ish haqi 3,5 ming yevrogacha etib belgilangan.
Qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchiliklar uchun bonuslar ham ko‘zda tutilgan. Natijada shifokorlarning oylik daromadi 4 ming – 5 ming yevrogacha yetishi mumkin. Ish haftasiga 38 soatni tashkil etadi.
Shuningdek, turarjoy xarajatlari ish beruvchi tomonidan qoplanadi, xodimlar tushlik bilan ta’minlanadi va ularga tibbiy sug‘urta rasmiylashtiriladi.
Nomzodlar uchun talablar
Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlar oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. Ish tajribasi majburiy talab qilinmaydi, biroq tajribali mutaxassislarga ustuvorlik beriladi.
Nomzodlarning yoshi 50 yoshdan oshmasligi kerak. Shu bilan birga, 40 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.
Tanlovda ishtirok etish istagidagi fuqarolar Xorijda ish platformasi orqali CV to‘ldirishi kerak. Qo‘shimcha ma’lumotlarni 71 202 33 55 telefon raqamining 535 yoki 545 ichki raqamlari orqali olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar farmatsevtika xodimlari uchun ish taklif qilgani haqida xabar bergan edik.