Yangiliklar

Milliy investitsiya jamg‘armasi UzAirways IPO’siga tayyorgarlik ko‘radi

Jamg‘arma iyun oyida IPO uchun maslahatchilarni tanlashni boshlaydi
Uzairways
Foto: Uzairways

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF) Uzbekistan Airways kompaniyasini IPO’ga tayyorlash ishlarini boshlaydi. Bu haqda Bloomberg nashri Franklin Templeton Central Asia bosh direktori Marius Dan ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

IPO’ga tayyorgarlik doirasida jamg‘arma iyun oyida aviatashuvchi va o‘z portfelidagi boshqa kompaniyalar uchun aksiyadorlik kapitali bozorlari bo‘yicha maslahatchilarni tanlashni boshlaydi.

Joriy yil iyun o‘rtalarida Uzbekistan Airways aksiyalarining 20 foizigacha bo‘lgan qismini IPO’ga chiqarish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Fond birjasiga chiqishga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida aviakompaniya Franklin Templeton ko‘magida ishlab chiqilgan transformatsiya dasturini amalga oshirmoqda.

Dastur 115 ta bosqichni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ular kompaniya boshqaruvini yanada samarali qilish, moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilash hamda aviatashuvchi faoliyatini xalqaro talablarga moslashtirishga qaratilgan.

Aviakompaniyaning o‘tgan yildagi sof foydasi 1,2 trln so‘mni tashkil etib, bu avvalgi yilga nisbatan 73,5 foizga ko‘pdir. Shu bilan birga, operatsion xarajatlar bir yil davomida 1,5 trln so‘mdan 700 mlrd so‘mgacha kamaygan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzNIF IPO’sidan jalb qilingan mablag‘ 692 mln dollarga yetgani haqida yozgandi.