Investitsiyalar

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda 180 mlrd dollardan oshishi kutilmoqda

Bu haqda Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida aytdi
Foto: Curioso_Travel_Photography/Depositphotos

Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yalpi majlisida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2026-yilda $180 mlrddan oshishi kutilayotganini bildirdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, bundan to‘rt yil avval ilk Toshkent xalqaro investitsiya forumida 2026-yil yakuniga qadar O‘zbekiston YIMini $100 mlrdga yetkazish maqsadi qo‘yilgan edi. Hozir esa iqtisodiyot bu ko‘rsatkichdan ancha yuqori natijaga yaqinlashmoqda.

O‘tgan yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sdi. Iqtisodiyotga $43 mlrd investitsiya jalb qilindi. Shuningdek, milliy valyuta barqarorligi ta’minlangani va xalqaro zaxiralar hajmi $70 mlrddan oshgani qayd etildi.

Prezidentning aytishicha, bugungi global iqtisodiy vaziyatda investorlar, avvalo, tadbirkorlarning huquq va erkinliklari himoya qilinadigan, iqtisodiyoti barqaror o‘sayotgan va keng imkoniyatlar mavjud mamlakatlarga sarmoya kiritishga intiladi.

Shu bois O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha tizimli islohotlar davom etayotir. Mamlakatning xalqaro kredit reytingi ham yil sayin yaxshilanmoqda. Joriy yilda O‘zbekiston «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor «iqtisodiyoti mo‘tadil erkin» davlatlar qatoridan joy oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro moliya markazida investorlar uchun 50 yillik imtiyozlar berilishi ma’lum qilingandi. Prezidentning ta’kidlashicha, investorlar huquqlarini kuchli institutlar va xalqaro miqyosda e’tirof etilgan mexanizmlar orqali ta’minlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.