Yangiliklar

O‘zbekiston JCHdagi ilk o‘yinida o‘z mentalitetini namoyish etadi — Kannavaro

O‘zbekiston JCHdagi ilk o‘yinida o‘z mentalitetini namoyish etadi — Kannavaro
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro hamda jamoa sardori Eldor Shomurodov Kolumbiyaga qarshi uchrashuv oldidan rasmiy matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor Jahon chempionatida qatnashayotganini ta’kidlab, futbolchilar ertangi bahsga tayyor ekanini aytdi.

«Bu biz uchun ilk Jahon chempionati hisoblanadi. Ertaga barcha muxlislarimiz bizni tomosha qiladi, barcha futbolchilarimiz o‘yinga tayyor», — dedi bosh murabbiy.

Italiyalik mutaxassis Abduqodir Husanov haqida ham fikr bildirib, uni jamoaning muhim himoyachilaridan biri deb atadi.

«Husanov, albatta, muhim himoyachilarimizdan biri. U hali yanada yuqori darajaga chiqish imkoniyatiga ega. Ayni paytda ham yuqori saviyadagi o‘yinlar ko‘rsatib kelmoqda», — dedi Kannavaro.

Bosh murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatida o‘zining eng yaxshi fazilatlari va o‘zbek mentalitetini namoyish etishga harakat qiladi. Kannavaro futbolchilarga o‘z tajribasini yetkazishga intilganini, chunki o‘zi ham vaqtida Jahon chempionatida ilk bor debyut qilganini qayd etdi.

U Kolumbiya va Portugaliya kabi raqiblar yuqori darajadagi futbol namoyish etishini, ularning tarkibida kuchli futbolchilar borligini ta’kidladi. Shu bilan birga, mutaxassis Kolumbiyaga qarshi o‘yinda ehtiyotkorlik muhim bo‘lishini aytdi.

Raqiblar haqida fikr

«Kolumbiyada nafaqat Xames, balki ko‘plab yuqori darajadagi futbolchilar bor. Biz ularni tahlil qildik, ular oxirigacha o‘ynaydigan jamoa. Biz ham o‘z imkoniyatimizni namoyish etib, maydonga tushamiz», — dedi Kannavaro.

Terma jamoa sardori Eldor Shomurodov esa futbolchilarning kayfiyati yaxshi ekanini bildirdi.

«Hamma futbolchilarning kayfiyati a’lo darajada. Ilk bor Jahon chempionatida qatnashyapmiz. Hayajon bor, lekin hech qanday bosim yo‘q. Barcha futbolchilarimiz ushbu o‘yinni intiqlik bilan kutyapti», — dedi Shomurodov.

Kannavaro uchrashuv bo‘lib o‘tadigan stadion haqida ham gapirib, u yerda Diego Maradona tarixiy gollaridan birini urganini eslatdi. Murabbiy O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk o‘yinini shunday tarixiy stadionda o‘tkazayotganidan mamnun ekanini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» Xoland dubl qayd etgan o‘yinda Norvegiya Iroqni yirik hisobida yenggani haqida yozgan edi.