Yangiliklar

O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini bog‘lovchi ilk lyuks poyezd yo‘lga qo‘yiladi

Yangi hashamatli poyezd Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini bog‘laydi
O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini bog‘lovchi ilk lyuks poyezd yo‘lga qo‘yiladi / Kelajak lyuks poyezdi (neyrotarmoq talqini)

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Markaziy Osiyodagi birinchi lyuks poyezd — «Samarkand Express» loyihasini muvofiqlashtirish bo‘yicha uch tomonlama hadli bitim imzolandi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi ma’lum qildi.

Hujjatni «Arsenale International» bosh direktori Raffael Breski, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Raxmetov imzoladi.

Foto: Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg’armasi

Bitim «Samarkand Express» loyihasini muvofiqlashtirish va amalga oshirish mexanizmlarini belgilab beradi. Loyiha O‘zbekistonning madaniy va turizm salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan.

Yangi hashamatli poyezd Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarini bog‘laydi. Mazkur yo‘nalish xalqaro sayyohlarga O‘zbekistonning tarixiy merosi hamda Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan maskanlar bilan tanishishning yangi formatini taqdim etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent — Andijon va Toshkent — Termiz tezyurar poyezdlari qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.