
Universal Pictures «Shrek 5» animatsion filmining ilk treylerini taqdim etdi. Film 2027-yil yozida kinoteatrlarda namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Yangi qismda tomoshabinlarga tanish ovozlar yana qaytadi. Mike Myers Shrekka, Eddie Murphy Eshakka, Cameron Diaz esa malika Fionaga ovoz beradi. Manbalarga ko‘ra, Zendaya ham aktyorlar tarkibiga qo‘shildi. U Shrek va Fionaning qizi Felisia obraziga ovoz beradi. Ammo rasmiy treylerda hali uning obrazi ko‘rinmadi.
Filmda Shrek va Eshak yana birgalikda katta sarguzashtga otlanadi. Treylerda Eshak Shrek bilan yana jamoa bo‘lib harakat qilishidan juda xursand bo‘ladi. U hatto yangi sarguzasht oldidan o‘zini o‘zgartirish, sport bilan shug‘ullanish va tashqi ko‘rinishini yaxshilash haqida hazillashadi.
Yangi film rejissyorlari Walt Dohrn va Conrad Vernon. Brad Ableson ham filmda hamrejissyor sifatida ishlagan. Ssenariyni Michael McCullers yozgan. Loyihada Christopher Meledandri va Gina Shay prodyuser sifatida ishtirok etgan.
Treylerdagi ayrim hazil sahnalari ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Gingerbread Man bilan bog‘liq kulgili epizod muxlislar e’tiborini tortdi.
«Shrek» franshizasi William Steigning 1990-yilda chop etilgan «Shrek» nomli bolalar kitobidan ilhomlangan. Birinchi «Shrek» filmi 2001-yil may oyida ekranlarga chiqqan edi.
Shrek, Eshak, Fiona va boshqa ertak qahramonlari haqidagi to‘rtta asosiy film dunyo bo‘yicha $2,9 mlrddan ortiq daromad keltirgan. So‘nggi asosiy film — «Shrek Forever After» 2010-yilda chiqqan. Bundan tashqari, «Etik kiygan mushuk» (Puss in Boots) obrazi haqida ikkita alohida film ham suratga olingan.
Eddie Murphy bundan oldin Eshakka ovoz berish jismonan oson emasligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eshak obrazida ko‘p qo‘shiq, baland ovoz va kuchli emotsiya bor. Ammo aktyor tomoshabinlar bu obrazni yaxshi ko‘rishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi «Muzlik davri» multfilmi 2027-yilda chiqishi ma’lum qilingandi. Tizer YouTube platformasida e’lon qilindi. Qisqa rolikda tomoshabinlarga tanish qahramonlar ulkan bug‘ bulutlaridan qochayotgani ko‘rsatilgan.

