Yangiliklar

Wells Fargo yozda fond bozorida keng ko‘lamli o‘sish kutmoqda

S&P 500 indeksi yil yakunida 7950 punktga yetishi kutilmoqda
Fond bozori: «O‘zbekgeofizika» aksiyalari narxi 13 foizga oshdi
Foto: depositphotos

Wells Fargo banki 2026-yil oxiri uchun S&P 500 indeksi bo‘yicha prognozini oshirdi. Reuters yozishicha, bank endi indeks yil yakunida 7950 punktga yetishini kutmoqda. Avvalgi prognoz 7300 punkt edi.

Yangi baho 16-iyun kungi savdolar yopilishiga nisbatan taxminan 5,8 foizlik o‘sish imkoniyatini anglatadi.

Ma’lumotga ko‘ra, Wells Fargo bunday qarorga kompaniyalar foydasi bo‘yicha prognozlar yaxshilangani, AQSh va Eron o‘rtasidagi oraliq kelishuvdan keyin makroiqtisodiy xavflar kamaygani hamda investorlar kayfiyati tiklangani sabab bo‘lgan.

Wells Fargo strategi Osan Kvonning fikricha, yoz oylarida investorlar «butun bozor rallisi»ni ko‘rishi mumkin.

Unga ko‘ra, o‘sish faqat sun’iy intellekt bilan bog‘liq kompaniyalar bilan cheklanib qolmaydi. Hozirgacha AIdan kamroq foyda ko‘rgan sektorlar ham o‘sishi mumkin.

Tahlilchining fikricha, makroiqtisodiy xavflar kamaygani investorlarni himoyaviy sektorlardan iqtisodiy siklga bog‘liq kompaniyalar aksiyalariga yo‘naltirishi mumkin.

Sun’iy intellekt asosiy drayver bo‘lib qoladi

Shu bilan birga, sun’iy intellekt bozordagi eng muhim omillardan biri bo‘lib qoladi.

Kvonning yozishicha, investorlar kayfiyati qayta tiklangan va bu AI sektorida keyingi o‘sish uchun imkoniyat yaratadi. Yirik bulutli kompaniyalarning kapital jalb qilish bo‘yicha raqobati chip ishlab chiqaruvchilar va infratuzilma kompaniyalari uchun kuchli drayver bo‘lib qolmoqda.

Wells Fargo tahlilchisiga ko‘ra, bozor uchun asosiy xavf inflyatsiya hisoblanadi. Ammo bu xavf AQSh Federal zaxira tizimi keskin choralar ko‘rgan taqdirdagina kuchayadi.

Kvonning fikricha, regulyator iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash va qarz yukini kamaytirish uchun stavkalarni yuqori inflyatsiyaga qaramay ushlab turishi mumkin.

Bunday vaziyatda aksiyalar eng yaxshi himoya vositalaridan biri bo‘lishi mumkin. Ammo bu holat Fed narxlar o‘sishiga qarshi faol kurash boshlamaguncha davom etadi.

Goldman Sachs tahlilchilari ham sun’iy intellekt bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, lekin past baholangan siklik aksiyalarda o‘sish imkoniyatini ko‘rmoqda.

Ular bozorda AI atrofidagi shov-shuvdan biroz charchash alomatlari borligini qayd etgan. Shu bilan birga, ilgari geosiyosiy xavflar bosimida qolgan ayrim aksiyalar uchun imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin.

JPMorgan esa «butun bozor rallisi» dastlabki tiklanishdan keyin sustlashishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bank mijozlarga texnologik kompaniyalarga e’tibor qaratish va moliya sektorida taktik uzun pozitsiyani saqlashni tavsiya qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Freedom Broker va Agat Credit kapital bozoridagi tartibga solish qumdoni ishtirokchisiga aylangani xabar qilingandi. «Agat Credit» MMT AJ korporativ obligatsiyalar emitentlari faoliyati bo‘yicha mazkur rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Kompaniya O‘zbekistonda ushbu maqomga ega bo‘lgan birinchi emitent bo‘ldi.