
Prezident qarori bilan Soliq oliy maktabi Soliq qo‘mitasi huzurida alohida yuridik shaxs maqomida tashkil etilib, joriy yildan talabgorlarni qabul qilishni boshlaydi. Bu haqda «O‘zA» agentligi xabar berdi.
Yangi ta’lim muassasasi soliq tizimi uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boruvchi bazaviy markaz sifatida faoliyat yuritadi.
Qarorga ko‘ra, oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik beriladi. Unda soliq sohasi uchun zamonaviy mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Ta’lim tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kamida 3 yillik bakalavriat dasturlari bo‘yicha qabul boshlanadi. 2027/2028-o‘quv yilidan esa magistratura va oliy ta’limdan keyingi bosqichlar ham yo‘lga qo‘yiladi.
Yo‘nalishlar
O‘quv dasturlari quyidagi sohalarni qamrab oladi:
- soliqlar va soliqqa tortish;
- raqamli soliq ma’murchiligi;
- soliq huquqi;
- moliyaviy nazorat.
Bitiruvchilarga davlat diplomi bilan birga soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatlarini olish imkonini beruvchi hujjat ham taqdim etiladi.
ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA va ACA kabi xalqaro sertifikatlarni olishda talabalarning o‘qish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplanishi belgilangan. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab har yili 50 ta davlat granti ajratiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorijiy va xususiy OTMdan o‘qishni ko‘chirishning yangi tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.