
Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligiga investitsiyalarni jalb qilish uchun Anora platformasi ishga tushirildi. V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ushbu mexanizm taqdimotiga bagʻishlangan «Oʻzbekistonning iqlimga moslashtirilgan agrosanoat investitsiya platformasi — Anorani tashkil etish» mavzuida panel munozarasi boʻlib oʻtdi.
YTTB (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki) hamda FAO (BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti) koʻmagida yaratilgan ushbu mexanizm mamlakatning kam uglerodli hamda iqlim oʻzgarishlariga chidamli agrosanoat tizimiga oʻtishini tezlashtirishga qaratilgan. Platformaning asosiy maqsadli koʻrsatkichi — 2030-yilga qadar 1,5 mlrd yevro hajmidagi investitsiyalarni jalb qilishdan iborat.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Toyvo Klaar oʻz nutqida mamlakatda goʻsht va sut yetishtirishning 95 foizigacha hamda sabzavot mahsulotlarining qariyb 85 foizini ta’minlayotgan kichik ishlab chiqaruvchilarning oʻrni naqadar muhimligiga e’tibor qaratdi.
«Kichik fermerlar — oʻzbek qishloq xoʻjaligining tayanchidir. Shu bilan birga, dehqon xoʻjaliklarida yetishtiriladigan oʻsimlikshunoslik mahsulotlarining umumiy qiymati bir gektarga 3000 dollargacha yetishi mumkin, yirik tijorat fermerlarida esa bu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 500 dollarni tashkil etadi», – dedi diplomat.
Biroq elchining soʻzlariga koʻra, koʻplab kichik fermerlar hamon zamonaviy texnologiyalar va kapitaldan uzilib qolgan. Klaar Anora platformasi ushbu boʻgʻinni moliyalashtirish uchun innovatsion vositalarni topishiga umid bildirdi.
Moliyalashtirish: €1,5 mlrd va KPI
Masalaning moliyaviy tomoni va platformaning aniq koʻrsatkichlarini YTTBning iqlim strategiyasi va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha boshqaruvchi direktori Djanpiyero Nachchi ochiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, mexanizmning asosiy vazifasi — tarmoqdagi muammolarni hal qilish, uning raqobatbardoshligini oshirish hamda mamlakatning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash uchun keng koʻlamli moliyalashtirishni tezkorlik bilan taqdim etishdir.
«Biz 2030-yilgacha boʻlgan davrda €1,5 mlrd miqdoridagi investitsiyalar haqida gapiryapmiz, – deya ta’kidladi Nachchi. – Gap barqaror qishloq xoʻjaligi usullariga oʻtkaziladigan yerlarning juda salmoqli maydoni hamda issiqxona gazlari emissiyasini sezilarli darajada kamaytirish haqida bormoqda. Bu mamlakatning umumiy uglerod izini kamaytirishga qoʻshilgan katta hissa boʻlishi barobarida, tarmoqning umumiy rentabelligiga bevosita ta’sir koʻrsatadigan suv va yer resurslari mahsuldorligi bilan bogʻliq jiddiy muammolarni ham hal qiladi».
Taqdimot ma’lumotlariga koʻra, platforma 2030-yilga kelib quyidagi aniq belgilangan natijalarga erishishni maqsad qilgan:
- 340 ming gektar qishloq xoʻjaligi yerlari suv tejovchi texnologiyalar bilan jihozlanadi;
- 115 ming tonna CO₂ ekvivalenti/yil — issiqxona gazlari emissiyasini rejali qisqartirish koʻrsatkichi;
- 590 mln litr/yil — suv resurslarini tejash boʻyicha maqsadli koʻrsatkich.

Platformaning vazifasi — banklar, vazirlik va dehqonlar oʻrtasida shaffof koʻprikka aylanish. Anora platformasining ishga tushirilishi hamkorlar oʻrtasida koʻp tomonlama anglashuv memorandumini imzolash bilan yakunlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan dron yordamida sholi ekish texnologiyasi O‘zbekistonda ilk bor qo‘llanilgani haqida yozgan edi.