Yangiliklar

Apple kompaniyasi mahsulotlarining narxini oshirishni rejalashtirmoqda

Keskin qimmatlashgan xotira chiplari tufayli
Apple kompaniyasi mahsulotlarining narxini oshirishni rejalashtirmoqda
Foto: Getty Images

Apple sun’iy intellekt (Si) rivoji sabab keskin qimmatlashgan xotira chiplari tufayli o‘z mahsulotlari narxini oshirishga majbur bo‘lishi mumkin. Bu haqda kompaniya rahbari Tim Cook The Wall Street Journal’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

U hozirgi vaziyatni barqaror emas deb ta’riflab, narx oshishi deyarli muqarrar ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Apple uzoq vaqt davomida mijozlarni narx oshishidan himoya qilishga harakat qilgan, ammo chiplar bozori bosimi bunga imkon bermay qo‘ygan.

So‘nggi oylarda xotira chiplariga talab SI serverlari va yirik modellar sabab keskin oshgan, shu bilan birga ishlab chiqarish quvvatlari yetarli darajada kengaymagan. Natijada bozorda taqchillik yuzaga kelib, narxlar tez sur’atda ko‘tarilgan.

Aynan shu bosim nafaqat Apple, balki butun elektronika sanoatiga ta’sir qilmoqda. TSMC va Samsung kabi yirik ishlab chiqaruvchilar ham xarajatlar oshayotganini ochiq tan olgan. RAM narxining so‘nggi bir yil ichida keskin qimmatlashgani ham ushbu trendni tasdiqlaydi.

Hozircha Apple qaysi mahsulotlar qimmatlashishini yoki bu o‘zgarish qachondan boshlanishini aniq aytmagan. Shunga qaramay, yangi avlod iPhone modellari va Mac qurilmalari narxiga ta’sir qilish ehtimoli yuqori deb baholanmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple kamerali AirPods ustida ishlayotgani haqida yozgandi.