
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi tarixiy ishtirokini yuqori baholab, futbolchilarga qo‘llab-quvvatlov so‘zlarini yo‘lladi.
Davlat rahbari terma jamoa ishtirokidagi uchrashuv O‘zbekiston futboli tarixida muhim voqea bo‘lganini ta’kidladi. Prezidentning qayd etishicha, futbolchilar tajribali raqibga qarshi maydonda o‘zining xarakteri, irodasi va jismoniy tayyorgarligini namoyon etdi.
«O‘zbekiston uchun tarixiy kun. Murosasiz, juda qizg‘in kechgan o‘yinda futbolchilarimiz jahon mundialida birinchi marta juda katta tajribali jamoaga qarshi o‘zining kuchli xarakterini ko‘rsatdi. Oson emas», — dedi davlat yetakchisi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu natija mamlakat futbol muxlislari uzoq yillar kutgan voqea ekanini alohida ta’kidladi.
«Birinchi marta 34 yil biz kutgan voqea bo‘ldi. Shuning uchun, kuchli xarakteri, jismoniy tayyorgarligi va irodasini yaqqol namoyon etdi, desak bu ham to‘g‘ri. Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz — bu ham g‘alaba», — dedi prezident ishonch bilan.
Davlat rahbari terma jamoa futbolchilarini O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari deb atab, ularning salohiyati va vatanparvarligini e’tirof etdi:
«Bir narsani aytmoqchimanki, biz vatanparvar va fidoyi yoshlarimiz bilan faxrlanamiz va ular hozirgi O‘zbekistonning haqiqiy qahramonlari. Hali oldimizda juda ko‘p imkoniyatlar borligini o‘zingiz ko‘rdingiz».
Prezident futbolchilarning kelgusida ham yuksak natijalarga erishishiga ishonch bildirdi.
«Farzandlarim — qahramonlarim ko‘p narsaga qodir ekanligini ham bildirdi. Shuning uchun, faqat omad tilaymiz biz. Olg‘a, O‘zbekiston!» — deya so‘zini yakunladi davlat rahbari.
Ma’lumot uchun, Jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvida «Oq bo‘rilar» 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Terma jamoa hisobiga birinchi golni Abbosbek Fayzullayevning bosh bilan bergan zarbasi olib keldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning mundialdagi ilk o‘yinini Toshkentdagi muxlislar qanday qo‘llab-quvvatlagani haqida fotoreportaj e’lon qilgan edik.