
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kolumbiyaga qarshi o‘yindan keyin futbolchilar harakatiga baho berdi.
Uning aytishicha, uchrashuv qiziqarli va qiyin kechgan. Ayniqsa, ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston o‘yinni o‘zgartirishga, chap qanot orqali imkoniyatlar yaratishga va nazoratni qo‘lga olishga harakat qilgan.
«Futbolchilarimdan g‘ururlanaman. Ular yaxshi o‘ynashdi. Bugun qiyin o‘yin bo‘ldi. Bunday stadionda, muxlislar qarshisida o‘ynash oson emas. Lekin bu sizga ko‘proq motivatsiya berishi ham mumkin», – dedi Kannavaro.
Bosh murabbiy Kolumbiya kabi kuchli jamoaga qarshi o‘ynash va to‘psiz harakat qilish oson bo‘lmaganini ta’kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston ikkinchi bo‘limda yaxshiroq harakat qilgan, biroq yakunda gol o‘tkazib yuborgan.
Kannavaro bu uchrashuv O‘zbekiston futboli uchun tarixiy ahamiyatga ega ekanini ham qayd etdi.
«Biz bu stadionda o‘tgan ushbu o‘yinni eslab qolamiz. Chunki bu tarixiy o‘yin. Biz Jahon chempionatidamiz. Bugungi o‘yin biz uchun yaxshi bo‘ldi, deb ayta olaman. Xatolar bo‘ldi, ular ustida ishlaymiz», – dedi u.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston terma jamoasi mundialda mamlakatni dunyoga ijobiy namoyish etish uchun harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvida «Oq bo‘rilar» 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.