
Deutsche Bahn 500 nafar o‘zbekistonlikni Germaniya temir yo‘llarida ishlash uchun o‘qitadi. Migratsiya agentligiga ko‘ra, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiyaga oid ikki muhim loyiha amalga oshiriladi.
Bunda har bir loyihaning qiymati $1 mlnni tashkil etadi. Loyihalarga Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer ishtirokida start berildi.
Birinchi loyiha Germaniyaning Deutsche Bahn temir yo‘l kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Dastur doirasida 500 nafar mutaxassis Germaniya temir yo‘l sohasi uchun maqsadli tayyorlanadi. Ular keyinchalik Germaniyada yuqori daromadli ish o‘rinlariga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Ikkinchi loyiha esa O‘zbekistonda TELC imtihon markazlari tarmog‘ini tashkil etishga qaratilgan. Bu tashabbus yoshlar uchun Gyote sertifikatlari bilan bir qatorda TELC sertifikatini olish imkonini ham yaratadi.
Loyiha doirasida har yili 30 mingdan ortiq fuqaro O‘zbekistonda imtihon topshirib, xalqaro darajada tan olingan sertifikatga ega bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning yanvar – aprel oylarida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi $411,6 mlnni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan $20,2 mlnga oshgan.