Yangiliklar

Elektr tarmog‘iga ulab berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Elektr tarmog‘iga ulab berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
Foto: Pixabay

Qashqadaryo, Andijon, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida elektr tarmog‘iga ulab berish hamda dalolatnoma rasmiylashtirmaslik bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Tezkor tadbirda Koson tumani elektr ta’minoti korxonasi elektromontyori fuqaroning xonadonida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanganlik holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 6,7 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Andijon viloyatida esa «Energosavdo» Marhamat tumani bo‘limi mutaxassisi fuqaroning xonadonida elektr energiyasidan hisoblangan 24,9 mln so‘mlik zararni yo‘q qilib berish va dalolatnomani elektron dasturga kiritmaslik evaziga $400 olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Bulung‘ur tumanida elektr ta’minoti korxonasi ustasi va elektromontyori yakka tartibdagi tadbirkorning suv nasoslarini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab berish hamda keyinchalik rahnamolik qilish evaziga 4 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Angor tumanida esa elektr ta’minoti korxonasi huquqshunosi fuqaroning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslikni va’da qilgan. U 800 ming so‘m evaziga kelishib, shundan 300 ming so‘mini oldindan, qolgan 500 ming so‘mini esa firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» elektr tarmoqlariga ulab berishni va’da qilgan xodimlar ushlangani haqida yozgandi.