Yangiliklar

Frankfurt aeroporti Yevropaning eng chiroyli aeroporti deb topildi

Prix Versailles tomonidan
Frankfurt aeroporti Yevropaning eng chiroyli aeroporti deb topildi
Foto: Frankfurt Airport

Frankfurt Airport xalqaro arxitektura mukofoti Prix Versailles tomonidan Yevropadagi eng chiroyli aeroport deb e’tirof etildi. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.

Ushbu tanlovda dunyoning eng zamonaviy va estetik jihatdan eng ilg‘or aeroportlari saralab olingan bo‘lib, Frankfurt aeroportining yangi uchinchi terminali alohida e’tibor qozongan. Mazkur terminal 2026-yil aprel oyida ochilgan va yiliga 19 million yo‘lovchini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Arxitektura yechimi shahar konsepsiyasiga asoslangan: ichki makon oddiy aeroport emas, balki ko‘cha va maydonlarni eslatadigan tarzda loyihalashtirilgan. Dizaynda tabiiy toshlar va iliq ranglar ustunlik qiladi, markaziy zalda esa nemis rassomi Yuliyus fon Bismarkning aylanuvchi san’at installyatsiyalari joylashtirilgan.

Bbu terminalning asosiy kuchi — funksionallik va san’atni uyg‘unlashtira olganidadir. Yo‘lovchilar oqimi qulay harakatlanadigan tarzda rejalashtirilgan bo‘lsa, vizual jihatdan ham ochiq va yorug‘ muhit yaratilgan.

Prix Versailles ro‘yxatiga Frankfurt bilan birga Osiyo va Amerika qit’asidagi bir qator yirik aeroportlar ham kiritilgan, jumladan Hindiston, Xitoy va AQShdagi yangi zamonaviy terminallar. Biroq Yevropadan faqat Frankfurt aeroporti bu ro‘yxatda yetakchi sifatida tan olingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi bo‘yicha AQSh bilan kelishuvga erishilgani haqida yozgandi.