Gadjetlar

Honor Watch 6 taqdim etildi: 120 dan ortiq sport rejimi va 35 kunga yetadigan batareya

Soat 18-iyundan boshlab sotuvga chiqarildi
Honor Watch 6 taqdim etildi: 120 dan ortiq sport rejimi va 35 kunga yetadigan batareya / Foto: Honor

Honor kompaniyasi uzoq ishlash muddati, yangilangan dizayn va kengaytirilgan sog‘liq hamda sport funksiyalariga ega yangi Honor Watch 6 aqlli soatini taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena xabar berdi.

Yangi model qayta ishlangan alyuminiy qotishmasidan tayyorlangan korpus va 316L zanglamaydigan po‘lat elementlarga ega. Soat tasmasiz holda 41 gramm vaznga va 10,8 millimetr qalinlikka ega bo‘lib, avvalgi Honor Watch 5 Ultra modeliga nisbatan yengilroq va ingichkaroq hisoblanadi.

Foto: Honor
Foto: Honor

980 mA/soat sig‘imli batareya va yorqin ekran

Honor Watch 6 980 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, qurilma odatiy foydalanish sharoitida 35 kungacha ishlay oladi. Bu ko‘rsatkich aksariyat 46 millimetrli aqlli soatlar uchun odatiy hisoblangan 500 mA/soat atrofidagi batareya sig‘imidan ancha yuqori.

Soat 1,46 dyuymli dumaloq sensorli displeyga ega bo‘lib, uning maksimal yorqinligi 3000 nitni tashkil etadi. Ekranni jonli suratlar va 10 soniyagacha bo‘lgan videolar bilan moslashtirish mumkin. Sensorli boshqaruv nam barmoqlar bilan ham ishlaydi.

Honor Watch 6 Twilight Brown rangidagi charm tasma va Shadow Black rangidagi ftorli elastomer tasmali versiyalarda taqdim qilinadi.

Foto: Honor
Foto: Honor

120 dan ortiq sport rejimi va sog‘liq monitoringi

Qurilma 120 dan ortiq sport rejimlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Sun’iy intellekt asosidagi murabbiy funksiyasi yugurish vaqtida masofa va balandlik bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni taqdim etadi. Badminton uchun zarba tezligi, futbol uchun esa harakat trayektoriyasi va faollik xaritalari shakllantiriladi.

Honor Watch 6 IP69 himoya darajasiga ega bo‘lib, basseyn va plyaj sharoitida suzish uchun mos keladi. Biroq qurilma bilan suv ostiga sho‘ng‘ish tavsiya etilmaydi.

Soat Galileo va BeiDou kabi oltita navigatsiya tizimini qo‘llab-quvvatlovchi ikki diapazonli GPS moduli bilan jihozlangan. Shuningdek, NFC orqali Visa va Mastercard kartalari yordamida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Qurilmadagi Quick Health Scan funksiyasi foydalanuvchining sog‘lig‘i bo‘yicha tezkor tahlilni taqdim etadi. Har kuni ertalab avtomatik sog‘liq hisobotlari shakllantiriladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, IntelliSense texnologiyasi yurak urishi va qondagi kislorod darajasini o‘lchashda an’anaviy PPG sensorlariga nisbatan aniqroq natijalarni taqdim etadi.

Foto: Honor
Foto: Honor

Narxi va sotuv sanasi

Honor Watch 6 MagicOS operatsion tizimida ishlaydi va Android 9.0 hamda undan yuqori versiyalar, shuningdek, iOS 15.1 va undan yangi tizimlarga ega smartfonlar bilan mos keladi. Qurilmada xaritalarni saqlash uchun 4 GB ichki xotira mavjud.

Soat 18-iyundan boshlab sotuvga chiqarildi. Shadow Black versiyasining standart narxi 250 yevro yoki 230 funt sterlingni, Twilight Brown versiyasining narxi esa 270 yevro yoki 250 funt sterlingni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Honor X70 Pro Max katta batareya bilan taqdim etilgan edi.