Yangiliklar

Tornadodan qutqarilgan mushuk telekanalda «ob-havo boshlovchisi»ga aylandi

Stiv ismli
Tornadodan qutqarilgan mushuk telekanalda «ob-havo boshlovchisi»ga aylandi
Foto: Stray Rescue of St. Louis

AQShning Missuri shtatida kuchli bo‘ron va tornado vaqtida qutqarib qolingan daydi mushuk mahalliy telekanalning kutilmagan yulduziga aylandi. Bu haqda Lifehaker nashri xabar berdi.

Aprel oyining oxirida Sent-Luis hududida kuchli yomg‘ir, yirik do‘l va tornado kuzatildi. Shu paytda ko‘plab odamlar xavfsiz joylarga yashiringan bo‘lsa, ko‘chada qolgan sariq mushukni Stray Rescue of St. Louis boshpanasi xodimlari qutqarib oldi.

Veterinarlar mushukning orqa oyog‘i singanini aniqlashdi. Boshpanadagi televizorlarda o‘sha paytda mahalliy telekanal meteorologi Stiv Templtonning ob-havo dasturi namoyish etilayotgani sababli, mushukka ham Stiv deb ism berildi.

Foto: Stray Rescue of St. Louis

Keyinchalik mushuk teleefirda ramziy tarzda «ob-havo boshlovchisi» sifatida ishtirok etdi. Galstuk taqqan holda kamera qarshisiga chiqqan Stiv uchun «Bu mushukka doimiy uy kerak» degan maxsus banner ham tayyorlandi.

Foto: Stray Rescue of St. Louis

Afsuski, jarohatlangan oyog‘ini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi va veterinarlarga uni amputatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramay, mushuk qayta tiklandi va hozir sog‘lom hayot kechirmoqda.

Boshpana xodimlarining aytishicha, uch oyoqli Stiv juda mehribon, odamlarning quchog‘ida bo‘lishni yaxshi ko‘radi va hatto galstuk taqishga ham qarshi emas.

Hozirda Stiv mahalliy mashhurga aylangan. Boshpana vakillari teleefirdagi shuhrati tufayli u tez orada mehribon oila topishiga umid qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gonkong aeroportida miyovlaydigan 8 metrli ulkan mushuk o‘rnatilgani haqida yozgandi.