
Toshkent shahrining Sergeli tumanida Kuvayt investitsiyasi ishtirokida zamonaviy avtosalon va transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish markazini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Sergeli tumani hokimi Davron Ismatov va Kuvaytning Ali Al-Marshud Auto Parts Co. LTD kompaniyasi rahbari Ali Al-Marshud o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda O‘zbekistonning Kuvaytdagi elchisi Ayubxon Yunusov hamda diplomatik vakolatxona xodimlari ham ishtirok etdi.
Tomonlar Sergeli tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan $10 mln qiymatidagi investitsiya loyihasini muhokama qildi. Loyiha doirasida zamonaviy avtosalon va transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish markazini qurish ko‘zda tutilgan.
Uchrashuv davomida loyihaning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari, uni amalga oshirish muddatlari hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Sergeli tumani tadbirkorlari bilan Kuvayt, Suriya va Iroq ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiyaviy va eksport loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Germaniya prezidentlari Toshkentda quriladigan Volkswagen avtomobillarini yig‘ish zavodiga start bergan edi.