
Andijon viloyatida qariyb 2,5 kg gashish moddasi musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Tadbir davomida Lacetti rusumli avtomobil to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi. Avtomobilda bo‘lgan uch nafar fuqaroga tegishli 2 kg gashish moddasi borligi aniqlangan.
Shuningdek, Marhamat tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Cobalt rusumli avtomobildan 497 gramm gashish moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qayd etilishicha, bu turdagi giyohvandlik vositalari O‘zbekistonga xorijdan kontrabanda yo‘li bilan olib kiriladi.
Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda qariyb 4 kg gashish musodara qilingandi. DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida «Toshkent — Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomobil Pop tumanidagi «Namangan» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.