Avto

Chevrolet avtomobillari xaridorlar tomonidan nega tanlanadi

Chevrolet avtomobillari xaridorlar tomonidan nega tanlanadi
Foto: Kursiv Uzbekistan

General Motors kompaniyasi Chevrolet avtomobillari Braziliyada egalik qilish xarajati eng past avtomobillar reytingida e’tirof etilganini ma’lum qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar berdi.

GM’ning Janubiy Amerikadagi bo‘linmasiga ko‘ra, Chevrolet modellari 2026-yilda Braziliyada yangi avtomobillar orasida eng past umumiy egalik xarajatlari bo‘yicha Quatro Rodas jurnali reytingida mukofotlarga sazovor bo‘lgan. Tadqiqotda sug‘urta, texnik xizmat ko‘rsatish, yo‘l solig‘i va yoqilg‘i sarfi kabi xarajatlar hisobga olingan.

GMAutority

Ilgari umumiy egalik xarajati, asosan, korporativ avtopark egalari va professional xaridorlar uchun muhim bo‘lgan. Hozir esa bu ko‘rsatkich oddiy xaridorlar qaroriga ham sezilarli ta’sir qilmoqda.

Chevrolet’ning eng ko‘p sotiladigan uchta modeli alohida e’tirof etildi. 1,0 litrli motor va mexanik uzatmaga ega Chevrolet Onix xetchbeklar orasida birinchi o‘rinni egalladi. Chevrolet Tracker Turbo AT ixcham krossoverlar segmentida ikkinchi bo‘ldi. Onix Plus Premier esa sedanlar orasida uchinchi o‘rinni oldi.

Foto: GMAutority

Bundan tashqari, Montana flex-fuel pikaplar, S10 LTZ dizel pikaplar, Spark EUV esa foydalanish xarajati eng tejamkor elektromobillar qatorida yaxshi natija ko‘rsatdi.

Foto: Chevrolet

Kompaniya uchun bu natija Braziliya bozorida muhim ustunlik hisoblanadi. Chunki xaridorlar endi avtomobilning boshlang‘ich narxi bilan birga, uni bir yil davomida saqlash va ishlatish xarajatlariga ham ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Avvalroq Chevrolet’ning mashhur avtomobiliga chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edik.