Yangiliklar

Eron mojarosi yakuni fonida aviakompaniyalar parvozlarni qayta tiklamoqda

Eron mojarosi yakuni fonida aviakompaniyalar parvozlarni qayta tiklamoqda / Foto: Dubai Eye

Eron va AQSh o‘rtasidagi mojaroda keskinlikning pasayishi Fors ko‘rfazi mintaqasidagi yirik aviakompaniyalar parvozlar hajmini tiklamoqda hamda havo qatnovini barqarorlashtira boshladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

So‘nggi oylarda Eronning raketa va dron hujumlari tufayli mintaqadagi ayrim aeroportlar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, Fors ko‘rfazi ustidagi havo yo‘nalishlari o‘zgargan va aviakompaniyalar xavfsiz koridorlardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Flightradar24 ma’lumotlariga ko‘ra, yirik Fors ko‘rfazi aviakompaniyalari amalga oshirayotgan parvozlar soni urush boshlanishidan bir kun oldingi, ya’ni 27-fevraldagi ko‘rsatkichning o‘rtacha 82 foizigacha tiklangan.

So‘nggi kunlarda Gulf Air va Kuwait Airways parvozlar hajmini urushdan oldingi darajadan ham oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Mintaqaning eng yirik aviakompaniyalari hisoblangan Emirates, Qatar Airways va Etihad Airways esa urushdan oldingi ko‘rsatkichning 90% yoki undan yuqori darajasiga yaqinlashdi. Bir oy avval Etihad va Qatar Airways parvozlari odatiy hajmning atigi 40 – 50 foizini tashkil qilgan edi.

AQSh va Eron 17-iyun kuni qariyb to‘rt oy davom etgan mojaroni yakunlash bo‘yicha vaqtinchalik kelishuv imzolagani, tomonlar 19-iyun kuni sulhni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishi kutilayotgani mintaqa aviatsiya bozori istiqbollarini yaxshiladi.

Xavfsizlik qanday darajada

Xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar saqlanib qolmoqda. YIning Aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) mojaro bilan bog‘liq xatarlar sabab mintaqa bo‘ylab parvozlarga oid ogohlantirishni o‘z kuchida qoldirdi. Agentlik vaziyatdagi so‘nggi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda tavsiyalarini qayta ko‘rib chiqishini bildirgan bo‘lsa-da, xavflarning uzoq muddatli kamayishi haqida xulosa chiqarishga hali erta ekanini ta’kidladi.

Mojaroning oqibatlari Fors ko‘rfazi hududi bilan cheklanib qolmadi. Aviayonilg‘i narxining keskin oshishi, Yevropa va Osiyodagi parvozlar jadvalidagi uzilishlar hamda samolyotlarni qayta joylashtirish zarurati butun dunyo aviakompaniyalariga ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) Eron mojarosi sabab 2026-yil uchun global aviatsiya sanoati foydasi prognozini qariyb ikki baravarga qisqartirib, uni $23 mlrd etib baholadi. Bu avvalgi $41 mlrdlik prognozdan ancha past hamda 2025-yilda kutilayotgan $45 mlrdlik ko‘rsatkichdan ham kamdir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Eronning dengiz blokadasini bekor qilgani haqida yozgan edik.