Gadjetlar

Honor X80 Pro Max smartfoni haqida nimalar ma’lum

Honor X80 Pro Max smartfoni haqida nimalar ma’lum
Foto: Honor

Honor X80 Pro Max smartfoni rasmiy taqdimotdan bir necha kun oldin China Telecom operatori bazasida ko‘rinish berdi. Bu haqda GSMArena xabar bermoqda.

Qurilmaning to‘liq taqdimoti 22-iyun kuni bo‘lib o‘tadi, biroq uning asosiy texnik xususiyatlari hozirdanoq ma’lum bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Honor X80 Pro Max Snapdragon 6 Gen 5 chipi bilan jihozlanadi. Smartfon Android 16 asosidagi MagicOS 10.0 operatsion tizimida ishlaydi.

Modelning eng muhim jihatlaridan biri 11 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bo‘ladi. Bu zamonaviy smartfonlar orasidagi eng yirik batareyalardan biri hisoblanadi. Shunga qaramay, qurilma korpusi nisbatan yupqa – qalinligi 8,08 mmni tashkil etadi. Smartfon o‘lchamlari 162,2 × 77 × 8,08 mm, og‘irligi esa 203 gramm bo‘ladi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Honor X80 Pro Max 6,8 dyuymli ekran bilan jihozlanadi. Avvalroq kompaniya displeyning eng yuqori yorqinligi 10 000 nitgacha yetishini bildirgan edi.

Kamera qismida smartfon 50 megapikselli asosiy sensor va 8 megapikselli old kamera bilan ta’minlanadi. Xotira konfiguratsiyalari 6/128 GBdan boshlanib, 12/512 GBgacha yetadi.

Honor’ning ma’lum qilishicha, qurilma SGS Gold Label Five-Star sertifikatidan o‘tgan va uch metrgacha balandlikdan tushishga bardosh bera oladi. Bundan tashqari, xaridorlar uchun ikki yil davomida tasodifiy shikastlanganda ekranini bepul almashtirish dasturi ham taklif etiladi.

Smartfon narxi va aniq komplektatsiyalari 22-iyun kungi taqdimotda e’lon qilinadi.

Avvalroq «Kursiv» Honor X80 Pro Max smartfoni qachon sotuvga chiqishi ma’lum qilingani haqida yozgan edi.