
O‘zbekiston va Kolumbiya o‘rtasidagi o‘yinda ko‘z yoshlarini tiya olmagan yosh muxlis aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Ushbu holat nafaqat o‘zbekistonlik muxlislar, balki xorijiy OAV va ijodkorlar e’tiborini ham tortdi.
Xususan, eronlik mashhur karikaturachi Hamid Sahari ushbu voqeaga bag‘ishlab maxsus animatsion video tayyorladi. Unda Kolumbiya gol urgan vaziyatda yig‘lab yuborgan yosh o‘zbekistonlik muxlisning holati ta’sirli tarzda tasvirlangan.
Videoda bolakayga kolumbiyaliklar dalda berib, O‘zbekiston deya hayqirganlari aks etadi va uning ortida millionlab vatandoshlari borligi eslatiladi.
Yosh muxlisning otasi esa o‘g‘li Isfandiyor aks etgan video butun dunyoga tarqalib ketganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, FIFA rasmiylari, BBC, CNN va boshqa yirik tashkilot hamda nashrlar ular bilan bog‘lanmoqda.
Shuningdek, AQShdagi ayrim brendlar, sport va bolalar mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar ham aloqaga chiqqani ma’lum qilindi.
«Nashrlar, asosan, O‘zbekiston haqida, o‘g‘limning futbolga qiziqishi, O‘zbekistondagi futbol hayoti haqida so‘rashmoqda. Qo‘ldan kelgancha javob berib turibmiz. Bir video O‘zbekistonimizni bunchalik mashhur qilib yuboradi deb o‘ylamagandim. O‘g‘lim ekanligi esa ota sifatida uning uchun o‘zgacha g‘urur bermoqda», – deydi yosh muxlisning otasi.
Shuningdek, video jamoatchilik orasida, tarmoqlarda keng tarqaldi. Bu bo‘yicha hatto ichki ishlar xodimlari ham bolakayga dalda berib maxsus video e’lon qildi. Unda O‘zbekiston futbolchilari mamlakat sharafini munosib himoya qilgani va haqiqiy g‘alaba yurt tinchligi hamda birdamligi ekani ta’kidlanadi.
Ushbu voqea O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi ishtiroki mamlakat futboliga xalqaro e’tiborni yanada oshirganini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvida «Oq bo‘rilar» 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Terma jamoa hisobiga birinchi golni Abbosbek Fayzullayevning bosh bilan bergan zarbasi olib keldi.
Davlat rahbari terma jamoa ishtirokidagi uchrashuv O‘zbekiston futboli tarixida muhim voqea bo‘lganini ta’kidladi. Prezidentning qayd etishicha, futbolchilar tajribali raqibga qarshi maydonda o‘zining xarakteri, irodasi va jismoniy tayyorgarligini namoyon etdi.

