Kino va seriallar

Jim Kerri 26 yildan so‘ng yana Grinch roliga qaytishi mumkin

Universal studiyasi loyiha ustida ishlashni boshlagan
Jim Kerri 26 yildan so‘ng yana Grinch roliga qaytishi mumkin
Foto: Getty Images

«Grinch — Yangi yil o‘g‘risi» filmining davomi suratga olinishi mumkin. Bu haqda Lifehaker nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, Universal studiyasi loyiha ustida ishlashni boshlagan va bosh rol ijrochisi Jim Kerri bilan muzokaralar olib bormoqda.

Agar kelishuvga erishilsa, aktyor 26 yil avval tomoshabinlar mehrini qozongan Grinch obrazini yana gavdalantiradi. Film rejissyori sifatida esa asl kartina ustida ishlagan Ron Xovard qaytishi kutilmoqda.

2000-yilda ekranlarga chiqqan «Grinch — Yangi yil o‘g‘risi» filmi o‘sha yilning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biriga aylangan. Kartina AQSh prokatida $260 million, jahon bo‘ylab esa $345 million daromad keltirgan. Shuningdek, film «Eng yaxshi grim» yo‘nalishida Oskar mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Qiziq tomoni, Jim Kerri avvalroq Grinch obrazini yaratish jarayoni juda murakkab bo‘lganini aytgan edi. Aktyor suratga olishning ilk kunidayoq loyihani tark etish haqida o‘ylagan, chunki grim qo‘yish jarayoni kuniga sakkiz soatgacha vaqt olgan. Keyinchalik mutaxassislar yordamida bu muddat uch soatgacha qisqartirilgan.

So‘nggi yillarda ham film o‘z mashhurligini yo‘qotmagan. U muntazam ravishda eng ko‘p tomosha qilinadigan Rojdestvo filmlari ro‘yxatidan joy olib kelmoqda.

Hozircha filmning suratga olish ishlari qachon boshlanishi va premyera sanasi rasman e’lon qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tom Holland yangi O‘rgimchak odam roliga munosib nomzodni aytgani haqida yozgandi.