
Kongo Demokratik Respublikasida Ebola epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashmoqda. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 900 nafarga yaqinlashdi.
Reuters xabariga ko‘ra, Ebola virusining Bundibugyo shtammi 896 kishida aniqlangan. Kasallik oqibatida vafot etganlar soni 232 nafarga yetdi.
Kongo DR Sog‘liqni saqlash vazirligi tezkor choralar ko‘rilmasa, epidemiya yangi hududlarga tez tarqalishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi Ebola epidemiyasiga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish uchun $107 mln favqulodda mablag‘ ajratishini ma’lum qildi. Ushbu yordam Kongo DR va Ugandadagi choralarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Afrika sog‘liqni saqlash tashkilotlariga ko‘ra, donorlar tomonidan va’da qilingan mablag‘larning hozircha 10 foizidan kamrog‘i ajratilgan. Umuman, $910 mln yordam va’da qilingan bo‘lsa-da, amalda jabrlangan mamlakatlarga $90 mlndan kam mablag‘ yetib borgan.
Avvalroq «Kursiv» Kongoda Ebola bilan kasallanish holati bir sutkada 72 taga ko‘paygani haqida yozgan edi.