Yangiliklar

6 ta viloyatda Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar aniqlandi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
6 ta viloyatda Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar aniqlandi
Foto: depositphotos

6 ta viloyatda Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departament ishga yuborish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlarini aniqladi.

Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyatida Migratsiya agentligining viloyat filiali sobiq rahbari 8 nafar fuqaroni imtihondan o‘tkazib, Koreyaga ishga yuborishini aytib, $90 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, Farg‘ona tumanida fuqaro tanishlari orqali Koreyaga ishga yuborishini aytib, $10 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Ushbu mablag‘ning $3 mingi qaytarilgani rasmiylashtirilgan.

Jizzax viloyatida avval sudlangan shaxs 6 nafar fuqaroni Koreyaga ishga jo‘natishini aytib, $32,25 mingni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan. Viloyatdagi yana bir holatda fuqaro Koreyaga yuborish va’dasi bilan $7 ming olgani aniqlangan. Pulning $100 va 3,8 mln so‘mi qaytarilgani qayd etilgan. Boshqa holatda Forish tumanida fuqaro boshqa bir shaxsni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, $4 ming olgan. Ushbu pulning $1 mingi qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida esa ikki shaxs 22 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, $34,2 ming va 79,3 mln so‘mni olgani aniqlangan.

Sirdaryoning Guliston shahrida yana bir shaxs 6 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborish uchun $19 ming olgani aniqlangan. Ushbu pulning bir qismi hisobidan 700 ming so‘m qaytarilgani protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Samarqand shahrida esa bir fuqaro boshqa bir shaxsni Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, $12,5 ming olgani aniqlangan.

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida avval sudlangan shaxs yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Koreyaga o‘qish va ishga yuborishini aytib, $5,6 ming olgani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin ham bu kabi holatlar aniqlangandi. Xususan, Xo‘jayli tumanida fuqaro boshqa bir shaxsni yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va’da qilgan. U buning evaziga $10 250 so‘ragan va kelishilgan pulning $5 mingini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.