Yangiliklar

O‘zbekiston AQSh va Eron kelishuvida Pokiston hamda Qatar rolini yuqori baholaydi

TIV bayonot berdi
O‘zbekiston AQSh va Eron kelishuvida Pokiston va Qatar rolini yuqori baholaydi
Foto: depositphotos

O‘zbekiston AQSh va Eron o‘rtasida o‘zaro anglashuvga erishish uchun zarur sharoitlarni shakllantirishga hissa qoʻshgan Pokiston hamda Qatarning katta hissasini yuqori baholaydi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Bayonotda ushbu kelishuv murakkab xalqaro vaziyatda keskinlikni kamaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklash yo‘lidagi muhim diplomatik yutuq ekani ta’kidlandi.

«Ushbu muhim oʻzaro anglashuvga erishish uchun zarur sharoitlarni shakllantirishga hissa qoʻshgan Pokiston va Qatarning katta hissasini, shuningdek Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr va boshqa mintaqaviy hamkorlarning sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz», – deyiladi bayonotda.

Shuningdek, O‘zbekiston muzokaralarning keyingi bosqichlari konstruktiv ruhda davom etishiga va erishilgan kelishuvlar samarali amalga oshirilishiga umid bildirishi qayd etilgan.

O‘zbekiston nizolar va qarama-qarshiliklarni xalqaro huquq, o‘zaro hurmat va barcha tomonlar manfaatlarini hisobga olgan holda diplomatik yo‘l bilan hal etish tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Eron kelishuv bandlari ochiqlangandi. 14 banddan iborat kelishuv «o‘zaro anglashuv memorandumi» deb atalmoqda. Unda harbiy harakatlarni to‘xtatish, Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish, Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish va Eron yadro dasturi bo‘yicha majburiyatlar kabi masalalar ko‘zda tutilgan.