
Dastlabki 24 ta o‘yin bo‘yicha tuzilgan reytingda O‘zbekiston – Kolumbiya jamoalari o‘rtasidagi bahs eng ko‘p tomoshabin tashrif buyurgan uchrashuvlar qatoridan joy oldi. Mazkur o‘yinni stadiondan 80 824 nafar muxlis kuzatgan.
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionatining guruh bosqichi birinchi tur uchrashuvlariga tashrif buyurgan muxlislar soni bo‘yicha rasmiy statistika e’lon qilindi.

80 824 nafar tomoshabin ochilish uchrashuvi hisoblangan Meksika va Janubiy Afrika Respublikasi terma jamoalari o‘rtasidagi bahsga ham tashrif buyurgan. Shu tariqa, har ikki o‘yin birinchi turning eng ko‘p muxlis yig‘gan uchrashuvlari sifatida qayd etildi.
E’lon qilingan statistikaga ko‘ra, Braziliya – Marokash uchrashuvini 80 663 nafar, Fransiya – Senegal bahsini esa 80 545 nafar muxlis stadiondan tomosha qilgan. Eng kam tomoshabin yig‘gan o‘yin esa Gana va Panama terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib, uni 42 942 nafar muxlis kuzatgan.

Qaydlarga ko‘ra, birinchi tur o‘yinlarining aksariyatida stadionlar deyarli to‘liq to‘lgani qayd etilgan. Statistik ma’lumotlar Football Meets Data platformasi tomonidan taqdim etilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Kolumbiyaga qarshi o‘yinda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Terma jamoamiz navbatdagi uchrashuvini 23-iyun kuni Hyustonda Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. Kolumbiya esa shu kuni Meksikaning Sapopan shahrida Kongo bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur o‘yinda terma jamoa hisobiga yagona gol yozdirgan Abbosbek Fayzullayev JCh rekordini yangilagani haqida yozgan edik.