
20 – 22-iyun kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar sabab respublikaning bir qator tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlari e’lon qilindi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi va G‘uzor tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on va Muzrabot tumanlarida xavf darajasi oshishi mumkin.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy va Ishtixon tumanlarida ham ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.
Navoiy viloyatining Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex va Karmana tumanlari, Jizzax viloyatining Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish va Yangiobod tumanlarida ham sel xavfi qayd etilgan.
Toshkent viloyatida Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlari hamda Angren va Olmaliq shaharlarida, Namangan viloyatining Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan va Yangiqo‘rg‘on tumanlarida ham xavfli ob-havo sharoiti kutilmoqda.
Farg‘ona viloyatida So‘x, Shohimardon, Farg‘ona va Beshariq tumanlari, Andijon viloyatida esa Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlari hamda Xonabod shahrida sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi bildirildi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar hamda haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishni va xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishi so‘ralmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 19-iyun kuni qaysi hududlarda yog‘ingarchilik kuzatilishi haqida yozgandi.