Yangiliklar

Kredit ajratish evaziga pul talab qilgan bank xodimlari ushlandi

Har ikkala holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Kredit ajratish evaziga pul talab qilgan bank xodimlari ushlandi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida kredit mablag‘larini ajratib berish evaziga noqonuniy pul talab etgan tijorat banki xodimlari qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tijorat banki bank xizmatlari markazi boshlig‘i ushlandi.

Aniqlanishicha, u tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kredit so‘rab murojaat qilgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga 2,5 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga kredit summasining 5 foizini, ya’ni 125 mln so‘mni oldindan berishni talab qilgan. Gumonlanuvchi ushbu mablag‘ning bir qismi sifatida $10 ming olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tijorat banki bank xizmatlari markazi boshlig‘i D.I. ham qo‘lga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, u MChJ rahbariga $75 ming miqdoridagi kredit mablag‘ini ajratib bergani evaziga olgan $2 150 ning 10,7 mln so‘mini qaytarib berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘qishga kiritishni va’da qilgan xorazmlik hokim yordamchisi ushlangan edi.