Yangiliklar

Soxta Bosh prokuratura xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan
Surxondaryoda tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi
Soxta Bosh prokuratura xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi / Foto: Facebook

Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida o‘zini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, bir necha fuqarolarning mol-mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan shaxs fosh etildi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, fuqaro 2 nafar jabrlanuvchiga bug‘doy mahsulotini arzon narxda xarid qilib, uni qayta ishlash orqali katta daromad olish mumkinligini aytib, ishonchiga kirgan. Shundan so‘ng u 1,7 mlrd so‘m pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, mazkur shaxs boshqa jabrlanuvchiga tegishli MChJ uchun Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasi hududida joylashgan 50 sotix yer maydonini ajratish to‘g‘risidagi hokim qarori Oliy sud qarori bilan bekor qilinganidan xabar topgan. U mazkur qarorni qayta tiklab berishni va’da qilib, fuqarodan $95 mingni firibgarlik yo‘li bilan olgan.

Foto: Bosh prokuratura

Bundan tashqari, soxta prokuror boshqa fuqaro bilan Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishib, o‘zini Bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u fuqaroga qiymati $8,5 mingga teng bo‘lgan, 2014-yilda ishlab chiqarilgan Cobalt rusumli avtomobilni yangi Gentra avtomobiliga almashtirib berishni va’da qilgan. Biroq avtomobilni qo‘lga kiritgach, uni boshqa shaxsga sotib yuborgan va tushgan mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.

Yana bir holatda ushbu shaxs boshqa fuqaroga tegishli Yunusobod tumani 9-mavze, 2-uy, 23-xonadon kalitining nusxasini qo‘lga kiritib, jabrlanuvchining safarda bo‘lganidan foydalanib, xonadonga noqonuniy ravishda kirgan va ko‘p miqdordagi tilla taqinchoqlarni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketgan.

2026-yil 18-iyun kuni soxta prokurorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi, 169-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘qishga kiritishni va’da qilgan xorazmlik hokim yordamchisi ushlangani haqida yozgan edik.