
Hindistonda Telegram messenjerini vaqtincha bloklash to‘g‘risidagi hukumat qarori sud tomonidan qonuniy va asosli deb topildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Dehli Oliy sudi 19-iyun kuni Telegram kompaniyasining ilovani bloklash haqidagi hukumat qarorini bekor qilish bo‘yicha da’vosini rad etdi. Sud qaroriga ko‘ra, hukumat tibbiyot oliygohlariga kirish imtihonlari yaxlitligini ta’minlash maqsadida messenjerga jamoatchilik kirishini vaqtincha cheklash vakolatiga ega.
Hindiston hukumati Telegram faoliyatini 16 – 22-iyun kunlari orasida vaqtincha to‘xtatgan. Bunga mamlakatdagi tibbiyot oliygohlariga kirish imtihonlari natijalari savollar sizdirilgani haqidagi da’volar ortidan bekor qilingani sabab bo‘lgan.
150 mlndan ortiq foydalanuvchilarga ega Hindiston Telegram uchun eng yirik bozor hisoblanadi. Hukumat messenjerning bloklangan kanallarni tezda qayta tiklash imkoniyati, telefon raqamlari va foydalanuvchi nomlarini yashirish funksiyalari nazoratni murakkablashtirayotganini ta’kidlagan.
Telegram asoschisi Pavel Durov taqiqni tanqid qilib, bu qaror platforma foydalanuvchilariga zarar yetkazayotganini bildirgan. Kompaniya sudda hukumat uning noqonuniy kontentga qarshi ko‘rilgan choralarini to‘liq inobatga olmaganini qayd etgan. Telegram ma’lumotlariga ko‘ra, imtihonlarga oid noqonuniy materiallar tarqatilgan 900 dan ziyod havolalar o‘chirib tashlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram sovrin jamg‘armasi 200 ming dollar bo‘lgan tanlov e’lon qilgan edi.