Yangiliklar

Xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha 78 mln dollarlik loyiha boshlanadi

O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Fransiya o‘rtasida
Xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha 78 mln dollarlik loyiha boshlanadi
Foto: Chiqindilarni boshqarish agentligi

O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni va Fransiya o‘rtasida xavfli chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Chiqindilarni boshqarish agentligiga ko‘ra, kelishuv V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolandi. Loyiha umumiy qiymati $78 mlnni tashkil etadi.

Hujjat Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov, Saudiya Arabistonining Vision International Investment Company prezidenti Omar Almidani hamda Fransiyaning Suez International kompaniyasi Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Silvere Delaunay o‘rtasida imzolandi.

Chiqindilarni boshqarish agentligi

Forum doirasida «Nol chiqindi» tamoyili orqali yashil iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Chiqindilarni boshqarish agentligi vakillari bir qator xalqaro tashkilotlar va kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Uchrashuvlarda Markaziy Osiyo va xorijiy davlatlar o‘rtasida chiqindilarni boshqarish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, bu yilgi forumda 100 dan ortiq mamlakatlardan 10 mingdan ziyod delegat va ishtirokchi qatnashdi. Bu O‘zbekistondagi islohotlarga xalqaro hamjamiyat qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yunusobod tumanidagi chiqindilarni qayta yuklash stansiyasi faoliyatidan aholi norozilik bildirgani ortidan senator Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yuborgandi.

Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda chiqindilarni yig‘ish, tashish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, ayrim hududlarda muammolar saqlanib qolmoqda.