
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha 2026-yilgi hisobotini e’lon qildi. Unda mamlakat iqtisodiyoti yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolayotgani, inflyatsiya pasayishda davom etayotgani va budjet hamda tashqi sektor ko‘rsatkichlari yaxshilanayotgani qayd etilgan.
Iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya prognozlari
XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning real yalpi ichki mahsuloti qariyb 8 foizga o‘sgan. 2026-yilning birinchi choragida esa iqtisodiy o‘sish sur’ati deyarli 9 foizga yetgan. Tashkilot prognozida keltirilishicha, iqtisodiyot 2026-yilda qariyb 7 foiz, 2027-yilda esa 6 foiz o‘sadi.
Hisobotda qayd etilishicha, 2024-yilda elektr energiyasi tariflari isloh qilinganidan keyin yuqori darajaga chiqqan inflyatsiya pasayishda davom etmoqda. 2026-yil aprel oyida yillik inflyatsiya 7 foizni tashkil qilgan. XVJ qat’iy pul-kredit siyosati va davom etayotgan islohotlar natijasida inflyatsiya 2027-yil oxiriga borib Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga tushishini kutmoqda.
Budjet, tashqi balans va zaxiralar
2025-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 2 foizgacha qisqargan. Bunga iqtisodiy faollikning oshishi hamda oltin narxlarining yuqori bo‘lishi yordam bergan. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi esa 2024-yildagi qariyb 5 foizdan 2025-yilda 4 foizgacha tushgan. 2026-yilda mazkur ko‘rsatkich 3 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
XVJ xalqaro zaxiralar 2026-yil oxirida 12 oydan ortiq import hajmini qoplay oladigan darajada saqlanib qolishini ta’kidladi. Davlat qarzining YIMga nisbati ham pasayishda davom etib, 2023-yildagi 31 foizdan 2027-yilda 27 foizgacha kamayishi kutilmoqda.
Aholi soni va daromadlar o‘smoqda
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi 2023-yildagi qariyb 37 million kishidan 2027-yilga borib qariyb 40 million kishiga yetadi. Aholi jon boshiga YIM esa 2023-yildagi qariyb $3 mingdan 2024-yilda $3,2 mingga, 2025-yilda $3,8 mingga, 2026-yilda $4,5 mingga va 2027-yilda qariyb $5 mingga yetadi.
Nominal YIM hajmi ham izchil o‘sishda davom etadi. Agar 2023-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 1,3 kvadrillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda 1,5 kvadrillion so‘mga, 2025-yilda 1,9 kvadrillion so‘mga, 2026-yilda 2,2 kvadrillion so‘mga va 2027-yilda 2,5 kvadrillion so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.
XVJ asosiy xatarlar va tavsiyalarni sanab o‘tdi
Jamg‘arma geosiyosiy keskinliklarning kuchayishi, tashqi talabning qisqarishi, eksport narxlarining pasayishi va xalqaro moliya bozorlaridagi sharoitlarning yomonlashishini O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun asosiy xatarlar sifatida baholagan.
XVJ xulosasiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti kuchli o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. Biroq bu o‘sishni uzoq muddat davom ettirish uchun makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qisqartirish va bozor islohotlarini jadallashtirish zarur.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2027-yilda pul o‘tkazmalari hajmi sekinlashishi haqida yozgandi.