
Namangan viloyatida qalbaki AQSh dollarini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi ikki fuqaro va To‘raqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi yana bir shaxs jami $100 ming qalbaki valyutani haqiqiy $40 mingga sotishni rejalashtirgan.
Tezkor tadbir davomida ular $80 ming qalbaki pulni haqiqiy $40 mingga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruvda soxta valyutalar xorijda tayyorlangani va aylanma yo‘llar orqali olib kelingani aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Navoiyda ham qalbaki valyuta sotishga uringan shaxslar ushlangandi. Departamentning Angren shahar bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 3 nafar fuqaro (ulardan biri muqaddam sudlangan) boshqa fuqaroga $100 lik kupyuralardagi qalbaki $80 mingni $40 mingga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.