Investitsiyalar

Toshkent investitsiya forumida 43,1 mlrd dollarlik 166 ta shartnomalar imzolandi

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari bo‘yicha
Toshkent investitsiya forumida 43,1 mlrd dollarlik 166 ta shartnomalar imzolandi
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati $43,1 mlrd bo‘lgan 166 ta investitsiya shartnomasi imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Forum tashkilotchilariga ko‘ra, bu natija O‘zbekistonga bo‘lgan xalqaro qiziqish amaliy investitsiya loyihalari va uzoq muddatli hamkorlikka aylanayotganini ko‘rsatadi.

2026-yilgi forumda 10,4 mingdan ortiq ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tdi. Toshkentga dunyoning 102 davlatidan 3,8 ming nafar xorijiy delegat tashrif buyurdi.

Taqqoslash uchun, 2022-yilda forumda 1,1 ming nafar xorijiy delegat qatnashgan edi. To‘rt yil ichida xalqaro ishtirokchilar soni uch yarim barobardan ko‘proqqa oshdi.

Forumda real sektor kompaniyalarining 3,1 ming nafar vakili ishtirok etdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 1,5 ming nafarga ko‘p.

Tadbirda BlackRock, JPMorgan Chase, Citibank, Visa, Franklin Templeton, Standard Chartered, London Stock Exchange Group, Bank of China, BP, Masdar, ACWA Power, Airbus, John Deere, Meta, Coca-Cola, DP World, AD Ports Group kabi yirik kompaniyalar va moliya institutlari vakillari qatnashdi.

Qayd etilishicha, forumda ishtirok etgan kompaniyalar boshqaruvidagi aktivlarning umumiy hajmi qariyb $42 trlnni tashkil qiladi.

Tadbirda siyosiy darajadagi ishtirok ham yuqori bo‘ldi. Forumda 76 nafar hukumat vakili qatnashdi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 26 nafar edi.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida jami 79 ta tadbir o‘tkazildi. Ular orasida 34 ta panel munozarasi, 8 ta investitsion pitch-sessiya hamda AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni va BAA ishtirokidagi 7 ta yirik biznes-forum bor.

Muhokamalarda qayta tiklanuvchi energetika, transport yo‘laklari, raqamli davlat boshqaruvi, sun’iy intellekt, islom moliyasi va oziq-ovqat xavfsizligi kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi.

Forum doirasida O‘zbekistonning investitsion salohiyati ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda qishloq xo‘jaligi, yengil sanoat, elektrotexnika, IT va boshqa sohalardagi imkoniyatlar namoyish qilindi.

Xorijiy investorlar kengashidagi ishtirokchi kompaniyalar soni 54 tadan 85 taga yetdi. Ular 19 ta mamlakat va 23 ta tarmoqni ifodalaydi.

Shuningdek, kengash doirasida 21 ta tashabbus ishlab chiqilgan va 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Iroq qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tuzgani xabar berilgandi. 18-iyun kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Iroq delegatsiyalari ishtirok etdi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyalarni oshirish hamda biznes hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.