
O‘zbekistonning mundialdagi ilk o‘yini, AQSh va Eron kelishuvi — hafta davomida e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tavallud kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Tabrik maktubida Si Szinpin Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining ulug‘ siyosiy namoyandasi sifatida mamlakat xalqini yangi marralar sari boshlab borayotgani ta’kidlandi. Davlat rahbari Xitoy yetakchisining Vatan va xalqqa bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbati, ulkan mas’uliyat hissi hamda uzoqni ko‘ra olishga asoslangan strategik tafakkurini alohida qayd etdi.
Turkiyada «O‘zbekiston mahallasi» rasman ochildi

Turkiyaning Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan qurilgan turarjoy majmuasi negizida tashkil etilgan «O‘zbekiston mahallasi», Shavkat Mirziyoyev bulvari hamda Toshkent va Samarqand ko‘chalari tantanali ravishda ochildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari rahbarlari, viloyat hokimlari, rasmiylar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Samarqandda Rossiyaga ishlash uchun ketayotganlarga yangi test markazi ochiladi
Samarqand viloyatida Rossiyaga mehnat faoliyati uchun borayotgan fuqarolarni tayyorlash va sinovdan o‘tkazish uchun yangi test markazi tashkil etiladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, loyiha Rossiya tomoni bilan hamkorlik doirasida amalga oshiriladi. Markazda migrantlar uchun rus tili, Rossiya tarixi hamda amaldagi qonunchilik bo‘yicha test va tayyorgarlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Eron bilan kelishuv yakunlandi — Tramp
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan sulh kelishuvi tuzilganini va Hormuz bo‘g‘ozi kemalar qatnovi uchun qayta ochilishini ma’lum qildi.
Tramp Eron bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Keyinroq bu ma’lumotni Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem Gharibabadi ham tasdiqlagan.
Samarqanddagi nodavlat bog‘chada 3 yoshli bola suvga tushib, halok bo‘ldi
Samarqand viloyatida 3 yoshli bola bog‘cha hududidagi suv havzasiga tushib ketib, hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, hodisa 2026-yil 5-iyun kuni Payariq tumani «Sarbazor» MFYda joylashgan «Yulduzcha» nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. 2023-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi bog‘cha hududida favqulodda holatlar uchun qurilgan suv havzasiga tushib ketgan. Oqibatda bola vafot etgan.
JCh – 2026: O‘zbekistonning ilk o‘yini mag‘lubiyat bilan yakunlandi, Kolumbiya g‘alaba qozondi
Jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Kolumbiya uchrashuvida «Oq bo‘rilar» 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Biz uchun chempionatdagi birinchi golimiz ham g‘alaba — prezident terma jamoa ruhini ko‘tardi
Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi tarixiy ishtirokini yuqori baholab, futbolchilarga qo‘llab-quvvatlov so‘zlarini yo‘lladi.
O‘zbekiston Albaniyaning Durres portidan logistika xabi sifatida foydalanishi mumkin

O‘zbekiston Albaniyaning Durres portidan logistika xabi sifatida foydalanishi mumkin. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Albaniya prezidenti Bayram Begay rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokarada ma’lum qilindi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi. Muzokaralar avvalida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu sammit alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.