Yangiliklar

AQSh Eronga muzlatilgan aktivlarining bir qismini qaytarishi mumkin

AQSh ma’muriyati muzokaralarning birinchi raundi yakunida Eron BMT inspektorlarini o‘z yadro obyektlariga taklif qilishiga umid qilmoqda
AQSh Eronga muzlatilgan aktivlarining bir qismini qaytarishi mumkin
Foto: AP

AQSh Eronga avval muzlatilgan aktivlarining bir qismidan foydalanish imkonini berishi mumkin. Buning evaziga Vashington Tehrondan BMT inspektorlarini yadro obyektlariga kiritishni kutmoqda, deb yozdi Axios manbalarga tayanib.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh ma’muriyati muzokaralarning birinchi raundi yakunida Eron BMT inspektorlarini o‘z yadro obyektlariga taklif qilishiga umid qilmoqda. Gap AQSh va Isroil tomonidan zarba berilgan obyektlar haqida ketmoqda.

Axios manbalariga ko‘ra, bunga javoban Qo‘shma Shtatlar Eronga muzlatilgan mablag‘larining bir qismidan foydalanishga ruxsat berishga tayyor. Dastlab Qatardagi 6 milliard dollarlik hisobdagi mablag‘lar ko‘rib chiqilmoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Eron ushbu mablag‘lardan birlamchi ehtiyoj tovarlarini xarid qilish uchun foydalanishi mumkin.

AQSh va Eron o‘rtasidagi texnik maslahatlashuvlar 21-iyun kuni Shveysariyaning Byurgenstok shahrida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Unda Pokiston va Qatar vakillari ham ishtirok etishi aytilmoqda.

Avvalroq AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Eron yadro dasturi bilan bog‘liq masalalar hamda Livandagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yaqinlashayotgan muzokaralarning asosiy mavzularidan bo‘lishini bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Shveysariya AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarga mezbonlik qilishi haqida yozgan edi.