
Buxoro tumanida sifati kafolatlanmagan dori vositalarini muomalaga kiritish holatining oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Buxoro tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda mas’ul shaxs va dorixona farmatsevti o‘zaro til biriktirib, sifatini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan 5 quti dori vositasini fuqaroga 5,9 mln so‘mga sotayotgan vaqtda ushlangan.
Tezkor tadbir davomida dorixonadan umumiy qiymati 90,9 mln so‘mlik, 128 turdagi jami 13 403 dona sifati tasdiqlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 6 ta viloyatda Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan firibgarlar aniqlangani haqida yozgan edi.