Sport

Lamin Yamal gol urgan o‘yinda Ispaniya yirik hisobda g‘alaba qozondi

Foto: FIFA.com

Jahon chempionati guruh bosqichining 2-tur doirasida Ispaniya va Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Uchrashuv kutilganidek yevropaliklarning to‘liq ustunligi ostida o‘tdi va 4:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan yakunlandi.

Foto: FIFA.com

O‘yinning borishi asosan «qizil furiya» nazoratida bo‘ldi. Dastlabki daqiqalardanoq hujumga tashlangan ispanlar 10-daqiqadayoq hisobni ochishdi. Mikel Oyarzabalning ajoyib uzatmasidan so‘ng yosh iqtidor egasi Lamin Yamal darvozani ishg‘ol qildi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/es1.mp4
https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/es2.mp4

Shundan so‘ng, Mikel Oyarzabalning o‘zi ketma-ket ikkita gol kiritib, uchrashuv taqdirini amalda hal qildi. Dastlab, u 21-daqiqada Aymerik Lyaport uzatgan to‘pni golga aylantirgan bo‘lsa, oradan atigi uch daqiqa o‘tib Dani Olmo hamkorligida dublni rasmiylashtirdi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/es3.mp4

Ikkinchi bo‘lim ham ispanlarning ustunligi ostida davom etdi. 49-daqiqada Saudiya Arabistoni himoyachisi Hassan Al-Tambakti o‘z darvozasiga to‘p kiritib qo‘yib, jamoasi ahvolini yanada qiyinlashtirdi. O‘yinning qolgan qismida saudiyaliklar hisobni qisqartirish uchun urinishlariga qaramay, natija o‘zgarmadi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/06/es4.mp4

Ushbu g‘alaba evaziga Ispaniya o‘z ochkolarini 4 taga yetkazib, guruhdan chiqish sari dadil qadam tashladi. Ma’lumot o‘rnida, «H» guruhida hal qiluvchi 3-tur doirasida Ispaniya Urugvayga, Saudiya Arabistoni esa Kabo-Verdega qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq Kursiv nashri Germaniya Kot-d’Ivuar bilan bahsda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketgani haqida xabar bergan edi.