Yangiliklar

Navoiyda YPX inspektoriga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi ushlandi

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Navoiyda YPX inspektoriga pora bermoqchi bo‘lgan haydovchi ushlandi
Foto: Pexels

Navoiy viloyatida yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun jarima maydoniga joylashtirilgan yuk mashinasini chiqarib olish maqsadida YPX inspektoriga pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 25-may kuni Karmana tumanidagi «Samarqand» muntazam yo‘l-patrul xizmati maskanida harakatlanib kelayotgan yuk avtomashinasi to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida 1990-yilda tug‘ilgan samarqandlik haydovchi transport vositasini ruxsatnomada ko‘rsatilgan yo‘nalishdan chetga chiqib boshqargani aniqlangan.

Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-1-moddasi 4-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa vaqtincha saqlash maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng fuqaro yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’muriy amaliyot markaziga murojaat qilgan. U o‘ziga nisbatan tuzilgan bayonnomani «hal qilib berish» hamda yuk mashinasini jarima maydonidan chiqarish evaziga mas’ul inspektorga $1 ming miqdorida pora taklif qilgan.

IIV ma’lumotiga ko‘ra, mas’ul xodim fuqaroga bunday harakat Jinoyat kodeksining 211-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini tushuntirgan. Shunga qaramay, haydovchi noqonuniy taklifini takrorlagan.

Xodimning bildirgisi asosida tezkor tadbir tashkil etilgan. Tadbir davomida fuqaro ma’muriy amaliyot markazi binosida pulning bir qismi sifatida 7 million 100 ming so‘mni inspektorga pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» soxta Bosh prokuratura xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida yozgan edi.