Yangiliklar

Range Rover Evoque L narxi keskin arzonlashdi

Modelning narxi $29,5 mingga teng
Range Rover Evoque L narxi keskin arzonlashdi
Foto: Mogu Liaoche

Xitoyda yangi Range Rover Evoque L krossoverining narxi sezilarli darajada pasaydi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Mahalliy diler ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilni endi 200 ming yuanga xarid qilish mumkin. Bu taxminan $29,5 mingga teng.

Narxlarning bunday keskin pasayishi Chery Jaguar Land Rover qo‘shma korxonasining strategiyasi o‘zgarayotgani bilan izohlanmoqda. Kompaniya Xitoyda Freelander loyihasiga e’tibor qaratmoqda. Avvalroq Sujou shahridagi zavod 2026-yil oxirigacha hozirgi modellar ishlab chiqarishini to‘xtatishi haqida xabar berilgan edi. Ular orasida Evoque L ham bor.

Foto: Xiaoa Jiahuo

Chery va Jaguar Land Rover Xitoyda qo‘shma korxonani 2012-yilda tashkil etgan. 2014-yilda esa Szyansu provinsiyasining Sujou shahrida ishlab chiqarish zavodi ishga tushirilgan. Biroq so‘nggi yillarda Land Rover’ning Xitoydagi savdosi pasaygan. 2026-yil yanvar–may oylarida brend Xitoyda 3976 ta avtomobil yetkazib bergan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,4 foizga kam.

Taqqoslash uchun, Xitoyda ishlab chiqarilgan Land Rover avtomobillari savdosi 2017-yilda eng yuqori ko‘rsatkichga chiqib, 61,9 ming donaga yetgan edi.

Range Rover Evoque L o‘lchamlari 4531/1904/1650 millimetrni tashkil etadi, g‘ildirak bazasi esa 2841 millimetrga teng. Avtomobil 2,0 litrli benzinli dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, u 245 ot kuchi ishlab chiqaradi.

Avvalroq «Kursiv» Honda eng ommabop Honda N-Box modelini yangilagani haqida yozgan edi.