Avto

Chevrolet’ning 2027-yilgi modeli muhim o‘zgarish bilan taqdim etildi

Chevrolet Silverado 1500 pikapining yangi avlodi AQSh va Kanadada rasman namoyish etildi
Chevrolet’ning 2027-yilgi modeli muhim o‘zgarish bilan taqdim etildi
Foto: GMAuthority

Chevrolet Silverado 1500 pikapining yangi avlodi AQSh va Kanadada rasman namoyish etildi. Bu haqda GM Authority nashri xabar berdi.

Model yangilangan dizayn, zamonaviy salon va yangi texnologiyalar bilan taqdim etilgan bo‘lsa-da, Kanada bozori uchun muhim farq ham mavjud.

Gap komplektatsiyalar tarkibi haqida ketmoqda. AQShda yangi Silverado yettita turli komplektatsiyada sotuvga chiqariladi va ular orasida Silverado deb nomlangan yangi o‘rta darajadagi versiya ham bor. Kanadada esa ushbu versiya Z71 nomi bilan taklif qilinadi.

Foto: GMAuthority

Bu o‘zgarish faqat nom almashtirish bilan cheklanmaydi. Endilikda Z71 yo‘ltanlamas paketi 2027-yilgi Silverado’ning barcha to‘liq uzatmali (4WD) versiyalarida standart jihoz sifatida taqdim etiladi. Shu sababli Kanada bozorida Z71 alohida komplektatsiya darajasiga aylantirilgan.

Yangi tizim tufayli kanadalik xaridorlar kamida Custom Trail Boss versiyasidan boshlab standart tarzda to‘liq uzatmali avtomobilga ega bo‘ladi. Hozircha Work Truck (WT) va Custom komplektatsiyalari avvalgidek orqa g‘ildirakdan tortuvchi (2WD) versiyalarda qoladimi yoki keyinchalik ular ham faqat 4WD formatiga o‘tadimi, noma’lum.

Taqqoslash uchun, 2026-yilgi Silverado’ning Kanada uchun mo‘ljallangan avvalgi avlodi hali ham bir nechta 2WD versiyalarida sotilmoqda. Xususan, WT, Custom, LT, RST va LTZ komplektatsiyalarining ayrim variantlari orqa g‘ildirakdan tortuvchi tizim bilan taklif etiladi.

Yangi avlodda esa vaziyat o‘zgaradi. Kanada uchun mo‘ljallangan Z71 faqat 4WD tizimi bilan ishlab chiqarilgani sababli, ushbu platforma asosida yaratiladigan kelajakdagi maxsus versiyalar ham standart tarzda to‘liq uzatma bilan jihozlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng kam xarajatli Chevrolet modellari qaysi ekani haqida yozgandi.