
Joriy oyda ispaniyalik triatlon mutaxassislari istiqbolli sportchilarni saralash uchun O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Saralangan sportchilar esa Ispaniyadagi ixtisoslashtirilgan markazlarda tayyorgarlikni davom ettiradi, deya xabar bermoqda «Dunyo» AA.
O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi diplomatlari Xalqaro triatlon ittifoqi prezidenti Antonio Fernandes Arima hamda Ispaniya triatlon federatsiyasi prezidenti Xose Idalgo bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi triatlon sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda sportchilarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lum qilinishicha, Ispaniya joriy oyda istiqbolli sportchilarni saralash maqsadida O‘zbekistonga bir guruh mutaxassislarni yuborishni rejalashtirmoqda. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan sportchilar Ispaniyadagi ixtisoslashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot markazlarida tayyorgarligini davom ettiradi.
Tomonlar, shuningdek, Toshkentda bunyod etilayotgan Olimpiya shaharchasi hududida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun xalqaro triatlon akademik markazini tashkil etish tashabbusini ham muhokama qildi. Ispaniyalik hamkorlar ushbu loyiha O‘zbekistonda sportchilar, murabbiylar va soha mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan zamonaviy mintaqaviy sport markazini shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikni yanada mustahkamlash, sohaviy tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda sportchilar tayyorlash, sport ta’limi va xalqaro musobaqalarni tashkil etish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan tomonlar birdek manfaatdor ekani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon chempionatida hakamlar qancha maosh olishi haqida xabar bergan edik.