Yangiliklar

Magic City hududida avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar paydo bo‘ladi

Dastlabki loyiha Furqat ko‘chasining Magic City hududidan Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan qismida amalga oshirilmoqda
Magic City hududida avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar paydo bo‘ldi
Foto: Transport vazirligi

Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini tezlashtirish maqsadida avtobuslar uchun ajratilgan maxsus yo‘laklarni jismoniy to‘siqlar bilan himoyalash ishlari boshlandi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Dastlabki loyiha Furqat ko‘chasining Magic City hududidan Islom Karimov ko‘chasigacha bo‘lgan qismida amalga oshirilmoqda.

Unga ko‘ra, maxsus deliniatorlar avtobus yo‘laklariga boshqa transport vositalarining kirib ketishini cheklash, yo‘ldagi tartibsiz harakatlarni kamaytirish va jamoat transportiga ustuvorlik berishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Tajriba muvaffaqiyatli yakunlansa, yil oxirigacha poytaxtdagi 30 dan ortiq ko‘chalarda ham shunday yo‘laklar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Loyihaning asosiy maqsadi avtobuslar qatnovini tezroq va barqarorroq qilish, yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqtini qisqartirish hamda tirbandliklarning salbiy ta’sirini kamaytirishdan iborat.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda ikki avtobus yo‘nalishi vaqtincha o‘zgarishi haqida yozgandi.