
Markaziy bank birinchi chorak yakunlari bo‘yicha banklar kesimida mijozlardan kelib tushgan murojaatlar indeksini tahlil qilib, eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan 10 ta bankni ochiqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, eng yuqori murojaatlar indeksi «Biznesni rivojlantirish banki»da qayd etilgan — 3,34. Undan keyingi o‘rinlarni «Anor Bank» (3,29) va «Mikrokreditbank» (3,23) egalladi.
Ro‘yxat davomida quyidagi banklar ham qayd etildi: «AVO Bank» (2,16), «TBC Bank» (2,06), «Davr Bank» (1,85), «Tenge Bank» (1,72), «Asakabank» (1,26), «Turon Bank» (1,25) hamda «Agro Bank» (1,22).
Markaziy bank ta’kidlashicha, murojaatlar indeksi mijozlar soniga nisbatan shikoyatlar ulushini ifodalaydi va bu ko‘rsatkich bankning moliyaviy barqarorligi yoki ishonchliligini anglatmaydi. Ya’ni, u faqat xizmat sifati va mijozlar bilan ishlashdagi muammolarni ko‘rsatadi.
Regulyator fikricha, yuqori murojaatlar soni banklarda mijozlarga yetarli tushuntirish berilmasligi, javob berish jarayonlaridagi sustkashlik hamda kredit va to‘lov xizmatlaridagi tizimli kamchiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MB eng yomon ishlayotgan banklar reytingini ochiqlashi haqida yozgandi.