Yangiliklar

MyDX: Davlat xizmatchisi mobil ilovasi ishga tushirildi

Prezident farmoniga binoan
«MyDX: Davlat xizmatchisi» mobil ilovasi ishga tushirildi / Foto: Boshqaruv samaradorligi agentligi

Davlat fuqarolik xizmati tizimida raqamli xizmatlarni kengaytirish maqsadida davlat xizmatchilari uchun MyDX: Davlat xizmatchisi mobil ilovasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Boshqaruv samaradorligi agentligi ma’lum qildi.

Mazkur ilova prezidentning davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirishga qaratilgan farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida ishga tushirilgan.

MyDX: Davlat xizmatchisi davlat xizmatchilariga shaxsiy ma’lumotlarini boshqarish, tashkiloti faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni taklif etish hamda shaxsiy rivojlanish rejasini tuzish imkonini beradi.

Shuningdek, foydalanuvchilar ilova orqali bo‘sh ish o‘rinlariga onlayn ariza topshirishi, onlayn kurslarda tahsil olib sertifikatlarni qo‘lga kiritishi va elektron kitoblardan foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, ilovada davlat xizmatchilarining malaka darajasini aniqlash funksiyasi ham joriy etilgan.

Ilovani yuklab olish uchun Android qurilmalari foydalanuvchilari Google Play havolasi, iOS foydalanuvchilari esa App Store havolasi orqali foydalanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Soliq qo‘mitasi o‘zining flagman mobil ilovasi – «Soliq»ning navbatdagi versiyasini taqdim etgan edi.