Kino va seriallar

«O‘yinchoqlar tarixi 5» multfilmi dam olish kunlarida 312 million dollar daromad keltirdi

Multfilm AQSh prokatida uch kun ichida $160 million daromad keltirgan
«O‘yinchoqlar tarixi 5» multifilmi dam olish kunlarida 312 million dollar daromad keltirdi
Foto: Deadline

Mashhur animatsion franchayzaning yangi qismi Toy Story 5 (O‘yinchoqlar tarixi 5) kinoteatrlardagi ilk dam olish kunlaridayoq rekord natija qayd etdi. Bu haqda Deadline nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, multfilm AQSh prokatida uch kun ichida $160 million, dunyo bo‘ylab esa $312 million daromad keltirgan. Bu nafaqat franchayza tarixidagi eng muvaffaqiyatli start, balki 2026-yilda AQShda qayd etilgan eng yaxshi ochilish natijasi ham bo‘ldi.

Avvalgi rekord Toy Story 4’ga tegishli bo‘lib, u ilk hafta oxirida AQShda $120 million yig‘gan edi. Yangi film ushbu ko‘rsatkichni sezilarli darajada ortda qoldirdi.

Global prokatda esa «O‘yinchoqlar tarixi 5» hafta yakunlari bo‘yicha faqat The Super Mario Bros. Movie’dan ortda qoldi. Mario haqidagi animatsion film o‘z vaqtida bir hafta oxirida $375,5 million daromad yig‘ishga erishgan.

The Wrap nashri qayd etishicha, tanqidchilar va tomoshabinlarning iliq munosabati filmning uzoq muddatli prokat natijalariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois yangi qismning franchayzadagi eng muvaffaqiyatli filmga aylanish ehtimoli yuqori baholanmoqda.

Ma’lumot uchun, «O‘yinchoqlar tarixi 5» 19-iyun kuni jahon prokatiga chiqdi. Film tanqidchilar tomonidan ham yuqori baholanib, Rotten Tomatoes platformasida 93 foizlik ijobiy reytingga ega bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yura davri dunyosi: hukmronlik» filmi tarixdagi eng qimmat film bo‘lgani haqida yozgandi.