Yangiliklar

O‘zbekistonlik shaxmatchilar jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi

Terma jamoa bronza medallari bilan birga 30 ming yevro pul mukofoti bilan ham taqdirlandi
O‘zbekiston shaxmatchilari jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi / Foto: Xalqaro shaxmat federatsiyasi

O‘zbekiston terma jamoasi Gonkongda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha jamoaviy blits bo‘yicha jahon chempionatini bronza medali bilan yakunladi. Bu haqda Xalqaro shaxmat federatsiyasi ma’lum qildi.

Qirolicha Yelizaveta stadionida bo‘lib o‘tgan musobaqaning pley-off bosqichi o‘zbekistonlik shaxmatchilar uchun yorqin natijalar bilan yodda qoldi. Terma jamoa chorak finalda amaldagi chempion va reyting bo‘yicha turnirning eng kuchli jamoasi hisoblangan WR Chessni musobaqadan chiqarib yubordi.

Foto: Xalqaro shaxmat federatsiyasi

Dastlabki uchrashuvda O‘zbekiston jamoasi 3,5:2,5 hisobida g‘alaba qozondi. Javob bahsi esa 3:3 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Ushbu qarama-qarshilikning eng muhim voqealaridan biri Nodirbek Abdusattorovning Magnus Karlsen ustidan qozongan g‘alabasi bo‘ldi. Natijada O‘zbekiston yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Yarim finalda hamyurtlarimiz Xitoyning Dragon Chilling jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Birinchi uchrashuvda xitoyliklar 4,5:1,5 hisobida ustun keldi. O‘zbekiston terma jamoasi javob bahsida xuddi shu hisobda g‘alaba qozonib, muvozanatni tikladi. Biroq tay-brekda Dragon Chilling 4,5:1,5 hisobida g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi.

Foto: Xalqaro shaxmat federatsiyasi

Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda O‘zbekiston Hexamind jamoasi bilan to‘qnash keldi. Dastlabki uchrashuvda 2:4 hisobida imkoniyatni boy bergan vakillarimiz javob bahsida 3,5:2,5 hisobida zafar quchib, tay-brekka yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahslarda O‘zbekiston jamoasi raqibini 5,5:0,5 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratib, bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Turnir yakunlariga ko‘ra, Dragon Chilling jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritib, 75 ming yevro miqdoridagi bosh mukofotga sazovor bo‘ldi. Finalda mag‘lub bo‘lgan Endgame.AI jamoasi kumush medal va 50 ming yevro mukofotni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston terma jamoasi esa bronza medallari bilan birga 30 ming yevro pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Foto: Uzchesss

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bibisora Assaubayevaga musobaqalarda Oʻzbekiston nomidan qatnashish taklif qilingan edi. Mavzuga o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov ham munosabat bildirdi.